Joriy yilning 25 noyabr kuni Davlat raqobat qo'mitasida bo'lib o'tgan seminar tadbirkorlik faoliyatiga to'sqinlik qilganlik uchun davlat, nazorat qiluvchi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar mansabdor shaxslarining javobgarligini kuchaytirishga, shuningdek, xususiy mulkni himoya qilishga qaratilgan O'zbekiston Respublikasining ma'muriy va jinoiy qonunchiligiga kiritilgan asosiy o'zgartirishlarning mazmun-mohiyatini tushuntirishga bag'ishlandi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 15 maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta'minlash, ularni jadal rivojlantirish yo'lidagi to'siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmoni ijrosini ta'minlash maqsadida joriy yilning 20 avgustida “O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik sub'ektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yo'lidagi to'siqlarni bartaraf etishga qaratilgan o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi Qonun qabul qilindi.